24 Noyabr 2021 yil 626

Navoiyda IIV Akademiyasi boshlig‘i maslahatchisi B.Matlubov tashrifi munosabati bilan uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

“Yangi O‘zbekiston-yangi ichki ishlar organi”-g‘oyasi asosida o‘tkazilgan uch avlod uchrashuvi navoiyliklarni ham o‘zida birlashtirdi.

Uchrashuvga mehmon bo‘lib tashrif buyurgan IIV Akademiyasi boshlig‘i maslahatchisi B.Matlubov dastavval Karmana tumani Do‘rmon mahallasi binosiga tashrif buyurdi. U yerdagi qulayliklar bilan tanishdi, ayni paytda davom etayotgan “Yashil makon” loyihasida shaxsan ishtirok etdi.

Shundan so‘ng Yoshlar markazida ichki ishlar xodimlari, faxriy ustozlar hamda o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi. O‘zining hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlarni so‘zlab berdi. Shuningdek, yig‘ilganlarga navoiy xalqining o‘ziga xosligi, bu yerlarning diqqatga sazovor joylarini hamda soddadil, olijanob aholisining shu kunga qadar erishgan yutuqlarini alohida aytib o‘tdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan faxriy ustozlarimiz ayni paytda ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi. O‘zbek xalqi boshidan kechirgan qiyin kunlari ortidan paydo bo‘lgan bugungi imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz, har bir kunimiz uchun shukrona aytishimiz kerakligi ta’kidlandi. Viloyatimiz hududi respublika miqyosida yirik tuman hisoblanishi, aholi turli hudud sharoitlarida istiqomat qilishi, shuningdek, xalqining tinchligi va osoyishtaligini saqlashda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar borligi, shu bois sergaklik va ogohlikni oshirish muhim masala ekanligi aytib o‘tildi. Xalq bilan ishlashda xizmatiga vijdonan yondashish sabr va shijoat bilan yuqori natijalarga erishish mumkinligi to‘g‘risida yosh xodimlarga tavsiyalar berildi. El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi suhbatlarning bosh mavzusiga aylandi. Tashrif so‘ngida faxriy guruh Ma’rifat markaziga yo‘l olishdi. U yerda muzey ko‘rgazmalaridan bahramand bo‘lishdi.

Yangi O‘zbekiston manzarasini yorqin ranglarda ifoda etadigan viloyat ko‘cha va xiyobonlari, zamonaviy uy-joylar, turli ijtimoiy ob’yektlar bilan tanishuvlarning har biri yig‘ilganlarda olam-olam taassurotlar uyg‘otdi.

 

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech